Ommaviy oferta
Oxirgi yangilanish: 10-avgust, 2026
«QUANTIC» Mas'uliyati cheklangan jamiyat (STIR 309121372, keyingi o'rinlarda — Ijrochi) ushbu hujjat orqali istalgan jismoniy shaxsga (keyingi o'rinlarda — Foydalanuvchi) avtomaktab.com sayti va uning mobil ilovalari orqali ta'lim kontentiga obuna asosida kirish xizmatini ko'rsatish to'g'risida ommaviy oferta e'lon qiladi. O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq, quyidagi shartlarni qabul qilish (aksept) tomonlar o'rtasida yozma shartnoma tuzilganiga tenglashtiriladi.
1. Atamalar
- Xizmat — avtomaktab.com sayti, uning mobil ilovalari va ular orqali beriladigan ta'lim kontenti.
- Kontent — savollar bazasi, mavzular, izohlar, chizmalar, yo'l belgilari va boshqa o'quv materiallari.
- Obuna — Xizmatning pullik bo'limlariga muayyan muddat davomida kirish huquqi.
- Hisob — Foydalanuvchining Xizmatdagi shaxsiy yozuvi.
- Aksept — ushbu ofertani to'liq va so'zsiz qabul qilish.
2. Oferta predmeti
Ijrochi Foydalanuvchiga haydovchilik guvohnomasi olish uchun nazariy imtihonga mustaqil tayyorgarlik ko'rish imkonini beruvchi Kontentga kirish huquqini beradi, Foydalanuvchi esa tanlangan tarif bo'yicha haq to'laydi.
Ijrochi haydovchilik maktabi (avtomaktab) EMAS. U rasmiy o'quv kursi o'tkazmaydi, amaliy haydash mashg'ulotlari olib bormaydi, guvohnoma, sertifikat yoki kursni tugatganlik to'g'risidagi hujjat bermaydi va imtihon qabul qilmaydi. Xizmat faqat mustaqil tayyorgarlik uchun vosita hisoblanadi.
Kontent O'zbekiston Respublikasining yo'l harakati qoidalari va rasmiy imtihon savollari asosida tayyorlanadi, biroq rasmiy nashr yoki normativ hujjat o'rnini bosmaydi.
3. Aksept tartibi
- Aksept quyidagi harakatlardan biri bilan amalga oshiriladi: Xizmatda hisob yaratish yoki tanlangan tarif bo'yicha to'lovni amalga oshirish.
- Aksept qilingan paytdan boshlab shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
- Aksept qilishdan oldin ushbu oferta va Maxfiylik siyosati bilan tanishish — Foydalanuvchining majburiyati.
4. Tariflar va to'lov tartibi
- Xizmatning bir qismi bepul: bir nechta mavzu, tasodifiy mashq va o'quv materiallari to'lovsiz ochiq turadi.
- Obuna muddatlari: 14 kun, 30 kun va 90 kun.
- Har bir tarifning joriy narxi Xizmatning obuna sahifasida ko'rsatiladi va aynan o'sha raqam to'lov summasi hisoblanadi.
- Ijrochi narxni o'zgartirish huquqini saqlab qoladi. Narx o'zgarishi allaqachon to'langan obunaning muddatiga yoki shartlariga ta'sir qilmaydi.
- To'lov O'zbekiston Respublikasining milliy valyutasida (so'mda), to'lov tashkilotining himoyalangan sahifasi orqali amalga oshiriladi. Bank kartasi ma'lumotlari Ijrochiga uzatilmaydi va uning tizimlarida saqlanmaydi.
- Obuna avtomatik ravishda uzaytirilMAYDI. Muddat tugagach kirish o'z-o'zidan yopiladi. Kartadan takroriy pul yechish amalga oshirilmaydi; keyingi to'lov faqat Foydalanuvchining yangi harakati bilan bo'ladi.
- Obuna muddati to'lov muvaffaqiyatli tasdiqlangan paytdan boshlanadi.
5. Ijrochining majburiyatlari
- Obuna muddati davomida Kontentga kirishni ta'minlash.
- Kontentni to'ldirib borish va aniqlangan xatolarni tuzatish.
- Foydalanuvchi ma'lumotlarini Maxfiylik siyosatiga muvofiq qayta ishlash.
6. Foydalanuvchining majburiyatlari
- Ro'yxatdan o'tishda haqiqiy ma'lumot ko'rsatish.
- Hisobga kirish ma'lumotlarini sir saqlash. Hisob orqali qilingan barcha harakatlar Foydalanuvchining harakati hisoblanadi.
- Kontentdan faqat shaxsiy, notijorat maqsadda foydalanish.
7. Ijrochining huquqlari
- Texnik xizmat ko'rsatish uchun Xizmatni vaqtincha to'xtatish (imkon qadar oldindan xabar berib).
- Ushbu oferta shartlari buzilganda hisobga kirishni cheklash yoki hisobni bloklash.
8. To'langan mablag'
Obuna — darhol yetkaziladigan raqamli mahsulot: to'lov tasdiqlangan zahoti Kontentga to'liq kirish ochiladi. Shu sababli obuna faollashtirilgandan keyin to'langan mablag' qaytarilmaydi.
Foydalanuvchi mahsulotni to'lovdan OLDIN baholay olishi uchun Xizmatda bepul bo'limlar doimiy ochiq turadi. To'lashdan avval ular bilan tanishish tavsiya etiladi.
Quyidagi holatlar pul qaytarish emas, ko'rsatilmagan xizmat hisoblanadi — bunda mablag' to'liq qaytariladi yoki obuna muddati tiklanadi:
- to'lov amalga oshgan, biroq Ijrochi tomonidagi nosozlik tufayli obuna ochilmagan;
- texnik nosozlik tufayli Xizmat uzluksiz 72 soatdan ortiq ishlamagan;
- bitta obuna uchun mablag' ikki marta yechilgan.
9. Javobgarlikning cheklanishi
- Ijrochi Foydalanuvchining nazariy yoki amaliy imtihondan muvaffaqiyatli o'tishini KAFOLATLAMAYDI. Natija Foydalanuvchining tayyorgarligiga bog'liq.
- Ijrochi Kontent rasmiy qoidalarga mos bo'lishiga harakat qiladi, biroq qonunchilikdagi o'zgarishlar Kontentda darhol aks etmasligi mumkin. Rasmiy manba — vakolatli davlat organlarining hujjatlari.
- Xizmat «bor holicha» taqdim etiladi. Ijrochi internet ulanishi, Foydalanuvchi qurilmasi yoki uchinchi tomon xizmatlari (to'lov tashkiloti, Google, bildirishnoma xizmatlari) nosozligi uchun javob bermaydi.
- Ijrochining javobgarligi har qanday holatda Foydalanuvchi joriy obuna uchun to'lagan summa bilan cheklanadi.
10. Intellektual mulk
- Kontent va Xizmatning barcha tarkibiy qismlari (matn, izoh, chizma, dizayn, dasturiy kod, ma'lumotlar bazasi tuzilmasi) Ijrochining yoki qonuniy huquq egalarining mulki hisoblanadi.
- Kontentni nusxalash, yozib olish, ommaviy tarqatish, qayta nashr etish, sotish yoki uning asosida hosila mahsulot yaratish taqiqlanadi.
- Hisobni uchinchi shaxsga berish, sotish, ijaraga qo'yish yoki bitta hisobdan bir vaqtda bir necha shaxsning foydalanishi taqiqlanadi.
11. Halol foydalanish
- Xizmatda musobaqa, duel va reyting bo'limlari mavjud. Natijani sun'iy oshirish — avtomatlashtirilgan vosita (bot, skript), bir shaxsga tegishli bir nechta hisob yoki tizimdagi xatolikdan ataylab foydalanish — taqiqlanadi.
- Boshqa foydalanuvchilarga nisbatan haqorat, tahdid va reklama tarqatish taqiqlanadi.
- Ushbu band buzilganda Ijrochi natijalarni bekor qilish, reytingdan chiqarish yoki hisobni bloklash huquqiga ega. Bunda to'langan obuna qaytarilmaydi.
12. Fors-major
Tomonlar o'z nazoratidan tashqaridagi holatlar — tabiiy ofat, favqulodda vaziyat, vakolatli organlarning qarorlari, elektr ta'minoti yoki magistral internet uzilishi, keng ko'lamli kiberhujum — tufayli majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgar bo'lmaydi.
13. Nizolar, ofertaning amal qilishi va aloqa
- Nizolar avvalo muzokara yo'li bilan hal qilinadi. Yozma murojaatga javob berish muddati — 15 ish kuni.
- Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida hal etiladi.
- Oferta Xizmatda e'lon qilingan paytdan boshlab amal qiladi va yangi tahriri e'lon qilingunga qadar kuchda bo'ladi.
- Ijrochi ofertaga o'zgartirish kiritish huquqiga ega. O'zgarish e'lon qilingandan keyin Xizmatdan foydalanishni davom ettirish yangi tahrirni qabul qilishni anglatadi. Allaqachon to'langan obuna esa o'z muddati oxirigacha aksept qilingan paytdagi shartlar bo'yicha amal qiladi.
- Murojaat uchun aloqa kanali: Telegram @avtomaktab_support
Ijrochi rekvizitlari
- To'liq nom
- «QUANTIC» Mas'uliyati cheklangan jamiyat
- STIR
- 309121372
- Davlat ro'yxatidan o'tgan
- 15-dekabr, 2021 · № 1073628
- Yuridik manzil
- Buxoro viloyati, Romitan tumani, Romitan, Do'rman QFY
- H/r
- 20208000405471559001
- Bank
- «ASIA ALLIANCE BANK» ATB, Bosh ofis
- MFO
- 01095
- IKPU
- 10801001002000000 — Nodavlat maktab ta'limi xizmatlari